Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining II-Iqtisodiy forumi oʻz ishini boshladi

    Xalqaro hamkorlik 17 Avgust 2022 1249

    Oʻzbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishi doirasida joriy yil 16-avgustda Toshkent shahrida II-Iqtisodiy forum oʻz ishini boshladi. Tadbir bevosita va onlayn tarzda SHHTga aʼzo davlatlarning iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etishga masʼul vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, yirik davlat korporatsiyalari, savdo-sanoat palatalari rahbarlarini, ekspertlar va delegatsiyalarining boshqa aʼzolarini muloqotga taklif qildi.

    Forum kun tartibiga muvofiq SHHTga aʼzo davlatlar iqtisodiyot va savdo vazirliklari rahbarlari hamda Tashkilot kotibiyati vakillari ishtirokida yalpi majlis boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi nomidan Forum ishtirokchilari oldida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Aziz Voitov nutq soʻzladi. Oʻz soʻzida u SHHT mintaqasining investitsiyaviy salohiyatini birgalikda rivojlantirish, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqish, savdo aylanmasi hajmining barqaror oʻsishini taʼminlash, transportning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash, taʼminot zanjirlarining uzluksizligini taʼminlash, oziq-ovqat xavfsizligi va agrosanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish kabi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida birgalikda saʼy-harakatlarni olib borishning muhimligiga eʼtibor qaratdi.

    Forum ishtirokchilari SHHT mamlakatlari oʻrtasidagi tovar aylanmasi hajmi oʻsishining barqaror, ijobiy dinamikasini taʼkidladilar. 2021-yilda Tashkilotga aʼzo mamlakatlarning tashqi savdo hajmi 8 trillion dollardan oshib, uchdan biriga oʻsdi, SHHT mamlakatlari oʻrtasidagi ichki savdo hajmi esa qariyb 40 foizga oshib, 768 milliard dollarga yetdi.

    Panel munozarasi davomida “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini va transafgʻon yoʻlagini qurish kabi mintaqaviy ahamiyatga molik loyihalarni tezlashtirishga ham eʼtibor qaratildi. Oʻz navbatida, bu SHHTning bir qator mamlakatlari hududlari boʻylab yuk tashish hajmini oshirish imkonini beradi.

    Maʼruzachilar ushbu tadbir koʻp tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish va SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yoʻnalishlardagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish boʻyicha fikr almashish uchun oʻziga xos maydon vazifasini oʻtayotganligini taʼkidladilar.

    Forumning birinchi kuni doirasida SHHT Sanoat innovatsiyalari yarmarkasi va turli mamlakatlar delegatsiyalari ishtirokchilari oʻrtasida ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Forumning ikkinchi kuni davomida ustuvor investitsiya loyihalari, xalqaro hamkorlikning oʻziga xos jihatlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash choralari, raqamlashtirish davrida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek SHHT makonida yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga bagʻishlangan bir qator panel munozaralari boʻlib oʻtadi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.