10 tur davom etgan musobaqa yakunida g‘oliblikni Rossiya Federatsiyasi vakili Sanan Syugirov qo‘lga kiritdi. U 10 imkoniyatdan 7,5 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shuncha ochko jamg‘argan amerikalik shaxmatchi Xans Niyemann esa qo‘shimcha koeffitsiyentlarga ko‘ra 2-o‘rin bilan cheklandi. Kuchli uchlikka yana bir rus shaxmatchisi Maksim Matlakov yakun yasab berdi. U yakunda 7 ochko jamg‘ardi.

Hamyurtlarimiz orasida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etgan Javohir Sindarov ham yakunda 7 ochko jamg‘ardi va 5-o‘rinni egalladi. O‘zbekistonlik shaxmatchilar orasida o‘z imkoniyatidan yuqori sakragan Akmal Fayzullayev ham shuncha ochko to‘pladi va bu natija bilan u xalqaro grossmeyster talabini bajarishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, “Prezident kubogi” xalqaro turnirida Nilufar Yoqubboyeva ayollar o‘rtasida grossmeyster, erkaklar o‘rtasida FIDE ustasi talablarini bajarganligi eʼtiborga molik.

Bugun Xalqaro shaxmat akademiyasida musobaqaning yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduxakimov, Arab mamlakatlari shaxmat federatsiyasi raisi Shayx Saud Almualla, FIDE prezidenti yordamchisi Berik Balgabayev, FIDE turnirlar komissiyasi raisi O‘zgur Solakog‘lu, musobaqa bosh hakami Ashot Vardapetyan va boshqalar ishtirok etdi.

“Shaxmat aql mashqi sifatida insonni ruhiy kamolotga yetaklaydi. Shu sababdan, bugungi kunda ushbu sport turini O‘zbekistondagi har bir xonadon va har bir go‘shaga kirib borishini taʼminlashga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Va bu islohotlar shunchaki sportchilarni tarbiyalash uchun emas, balki mamlakatimizning har bir fuqarosining aqliy salohiyatini yuksaltirish va kelajakda har qanday sohada o‘z o‘rniga ega bo‘lishida poydevor bo‘lishi yo‘lida amalga oshirilmoqda”, - dedi yopilish marosimida so‘zga chiqqan Turizm va sport vaziri, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi A.Abduxakimov.

Shundan so‘ng musobaqa g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boshlandi. Unda blis turnir, qolaversa, 12 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar, 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar, faxriylar hamda ayollar yo‘nalishidagi g‘oliblar pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Musobaqaning mutlaq g‘olibi Sanan Syugirov 12 ming, 2-o‘rin sohibi Xans Niyemann 10 ming va 3-o‘rinni egallagan Maksim Matlakov 9 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, taqdirlash marosimida faxriy mehmonlar ham O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan estalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.