Toshkentda SHHT forumining XIX yigʻilishi boʻlib oʻtadi

    Joriy yil 5-iyunda Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti forumining XIX yigʻilishi boʻlib oʻtadi.

    Tadbir Oʻzbekiston raisligida Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etiladi.

    Boʻlajak forum “Yangi sharoitlarda SHHTning roli: umumiy xavfsizlik, barqarorlik va farovonlik yoʻlidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish” mavzusiga bagʻishlangan.

    Unda dunyoning 10 ta mamlakatidan 40 dan ziyod ekspertlar, jumladan, SHHTga aʼzo mamlakatlarning milliy tadqiqot markazlarining vakillik delegatsiyasi, SHHTda kuzatuvchi davlatlar va tashkilotning muloqot boʻyicha hamkorlari mutaxassislari, SHHT Kotibiyati rahbariyati va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi rahbariyati ishtirok etadi.

    Tadbirning kun tartibi SHHT doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan asosiy sessiyalar, zamonaviy rivojlanish bosqichida SHHT samaradorligini oshirish va SHHT forumi faoliyatini takomillashtirishning kelgusi istiqbollari muhokamasini oʻz ichiga oladi.

    Forum yakunida SHHTga aʼzo davlatlarning tadbir kun tartibidagi masalalar boʻyicha yondashuvlari va qarashlari aks etgan yigʻilish Bayonnomasi imzolanishi rejalashtirilgan.