Toshkentda SHHT II-Iqtisodiy forumi boʻlib oʻtadi

    Xalqaro hamkorlik 10 Avgust 2022 1726

    Joriy yil 16-17-avgust kunlari Oʻzbekiston Respublikasining Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Raislik qilishi doirasida Toshkent shahrida II-Iqtisodiy forum oʻtkaziladi.

    Birinchi marta 2021-yil iyun oyida Dushanbe (Tojikiston) shahrida boʻlib oʻtgan Forum oʻzini Tashkilot ichidagi munosabatlarni rivojlantirish va yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi samarali muloqot platformasi sifatida namoyon etdi.

    Tadbirning asosiy maqsadi tomonlarning eʼtiborini oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish muammolari va istiqbollariga qaratish, SHHT makonidagi aloqalarni kengaytirish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.

    Yalpi majlis, panel munozaralari, ikki tomonlama uchrashuvlar, B2B muzokaralardan iborat boʻlgan Forumning tadbirlarga boy kun tartibi raqamli iqtisodiyot, “yashil” texnologiyalar, hududlararo hamkorlik, investitsiyaviy, sanoat hamkorligini kengaytirish va oʻzaro munosabatlarning boshqa ustuvor yoʻnalishlarining salohiyatini ochib berishga moʻljallangan.

    SHHT Iqtisodiy forumi nafaqat hukumatlararo muloqotni yoʻlga qoʻyish, balki ishbilarmon doiralar, korxonalar vakillarining oʻzaro hamkorligini oʻrnatish hamda SHHT makoni hududlariga investorlarni jalb etish uchun samarali platformaga aylanishi kutilyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.