Toshkentda SHHT Samarqand sammiti yakunlarini sarhisob etiladi

    Xalqaro hamkorlik 27 Sentabr 2022 1079

    Joriy yil 29-sentyabrda Toshkent shahrida gibrid formatda “SHHT Samarqand sammiti: Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, barqaror rivojlanishga qoʻshilgan hissa” mavzusiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi.

    Tadbir Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) bilan oʻzaro hamkorlikda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi koʻmagida tashkil etiladi.

    Anjumanda SHHTga aʼzo, shuningdek, AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Vengriya singari davlatlarning ekspert va tahlil doiralarining 30 nafardan ortiq taniqli vakillarining qatnashishi ham rejalashtirilgan.

    Ular orasida Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi SHHT tadqiqotlari instituti direktori Den Xao, Markaziy Osiyo boʻyicha Kembrij forumi raisi Siddxart Saksena, Yevropa istiqbolni belgilash va xavfsizlik instituti prezidenti Emmanuel Dyupyui, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Svante Kornel bor.

    Oʻzbekiston nomidan mamlakatning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari (SMTI direktori Eldor Oripov, MOXI rahbari Anvar Nosirov, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori Doniyor Qurbonov, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxoʻjayev) ishtirok etadi.

    Kun tartibi Samarqandda boʻlib oʻtgan SHHT sammiti yakuni, tashkilot doirasida xavfsizlikni taʼminlash, savdo-iqtisodiy aloqani faollashtirish, transport-logistika tizimida oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, madaniy-gumanitar munosabatni mustahkamlash kabi masalalarini qamrab olgan.

    Oʻzbekiston Prezidenti sammit doirasidagi nutqida bildirgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida Samarqand birdamlik tashabbusiga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Ekspertlar mazkur tashabbusning mohiyati, ahamiyati yuzasidan atroflicha fikr almashadi, gʻoyaning amaliy mazmunini boyitish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

    Bundan tashqari, SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari tomonidan imzolangan konseptual hujjatlar batafsil koʻrib chiqiladi.

    Shu va boshqa koʻplab muhim masalalarni konferensiyaning quyidagi toʻrt mavzusi doirasidagi sessiyalarida koʻrib chiqish rejalashtirilgan:

    1. Samarqand tashabbusi – kelgusi sivilizatsiyalararo muloqotning yangi formati;

    2. SHHT mamlakatlari oʻrtasida savdo va transport-logistika tizimidagi oʻzaro bogʻliqlik yoʻnalishidagi hamkorlik istiqboli;

    3. SHHT makonida xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning dolzarb jihatlari;

    4. Madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash – doʻstlik, hamjihatlik va barqaror rivojlanish garovi.

    “SHHT Samarqand sammiti: Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, barqaror rivojlanishga qoʻshilgan hissa” xalqaro konferensiyasi oʻta muhim ahamiyatga ega voqea natijasini har tomonlama baholash, aʼzo davlatlar oʻrtasida turli sohalarda koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbolini belgilash imkonini beradi.

    Eslatib oʻtamiz: joriy yil 15-16-sentyabr kunlari Samarqandda tuzilma tarixiga eng yirik va nufuzli siyosiy voqea sifatida kirgan SHHT sammiti boʻlib oʻtdi.

    14 davlat yetakchisi, 10 xalqaro tashkilot rahbari ishtirok etgan tadbir davomida aksariyati strategik ahamiyatga ega boʻlgan 44 ta hujjat imzolandi. Ushbu bitimlar tashkilotga aʼzo davlatlarning qisqa va oʻrta muddatli istiqboldagi koʻp tomonlama hamkorligining yangi yoʻnalishlarini belgilab berdi.

    Shu bilan birga, Samarqand nafaqat SHHT sammiti, balki eng muhim ikki va koʻp tomonlama muzokara oʻtkazish maydoniga aylandi. Uchrashuvlar doirasida global va mintaqaviy rivojlanishga doir dolzarb muammolar muhokama etildi. Muzokara natijasida mintaqadagi keskinlikni pasaytirishga xizmat qiladigan muhim qarorlar qabul qilindi.

    Samarqand sammiti xalqaro munosabatlar tizimida oʻzaro ishonchni tiklashga muhim hissa qoʻshdi, yaqin muloqotga, hamjihatlikka asoslangan davlatlararo va koʻp tomonlama hamkorlikning yangi bosqichini boshlash uchun tayanch nuqtasi boʻldi. Natijada eng muhim mintaqaviy va global masalalar boʻyicha mamlakatlarni birlashtirish tamoyilini aks ettiruvchi asosiy hujjat — Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

    Deklaratsiyada mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, oʻzaro transport bogʻliqligini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma yondashuvlar belgilangan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.