Toshkentda SHHT turizm forumi boʻlib oʻtadi

    Turizm 5 May 2022 1470

    Joriy yil 19-20-may kunlari Toshkentdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning turizm sohalari vakillari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtadi.

    Tadbir Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yildagi SHHT sammitiga raisligi doirasida tashkil etilgan.

    20-mayda akademik va ishbilarmon doiralar, shuningdek, tashkilotga aʼzo davlatlarning turizm sohasi vakillari ishtirokida “SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi: turizm va madaniy meros” nomi ostidagi turistik forum boʻlib oʻtadi. Forum ishtirokchilari tomonidan xalqaro turizmning dolzarb masalalari, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar madaniy merosini saqlash va targʻib qilish, shuningdek, turizm va madaniy meros sohasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etiladi.

    Yigʻilishda turizm sohalari rahbarlari turistik sayohatlarni qayta tiklashni jadallashtirish boʻyicha qoʻshma tashabbuslar, turizmning iqtisodiy oʻsish multiplikatori sifatidagi rolini oshiradigan yangi loyiha va dasturlarni koʻrib chiqadi.

    Boʻlajak yigʻilishlar kun tartibidan Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi bitim va SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida muzey ishi sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum loyihalarini muvofiqlashtirish ham oʻrin olgan, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.