Toshkentda shifoxonalarga imtiyozli yoʻllanmani sotish bilan shugʻullanganlar ushlandi

    Toshkentda shifoxonalar uchun imtiyozli yoʻllanmalarni sotish bilan shugʻullangan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar qildi.

    Qayd etilishicha, fuqaro G.M. telegram ijtimoiy tarmogʻi orqali Toshkent shahridagi tuman tibbiyot birlashmalarida ishlayotgan “ishonchli” tanishlari yordamida poytaxtdagi har qanday shifoxonaga 1,5 – 2 mln soʻm evaziga davolanish uchun imtiyozli yoʻllanma (order) tayyorlab berishini muntazam eʼlon qilib kelgan.

    Holat boʻyicha vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi tomonidan joriy yil 12-avgustda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida nazorat tadbiri oʻtkazilib, ushbu fuqaro, uning sheriklari va bir necha tibbiyot xodimlari qoʻlga olindi.

    Oʻrganish jarayonida G.M.ning sherigi, fuqaro M.Q.ning yonida M.G.ga tegishli yoʻllanma borligi aniqlangan. Ayni chogʻda Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasida davolanish uchun beriladigan orderlar ham topilgan.

    Yoʻllanmani rasmiylashtirish maqsadida laborator va instrumental tahlil va bemor tibbiy kartasidan koʻchirmalarga Shayxontohur tumanidagi oilaviy poliklinikalarning birida ishlayotgan shifokorlarning imzosi va muassasa muhri qoʻyilgan.

    Holat yuzasidan oʻtkazilayotgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida poytaxtimizdagi oilaviy poliklinika va boshqa muassasalar masʼul shaxslaridan hamda tibbiyot xodimlaridan tushuntirish xatlari olingan.

    Hozirgi paytda mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatish hamda dastlabki tergov harakatlari olib borish masalasi koʻrib chiqilmoqda.