Toshkentda Shveytsariya kunlari boshlandi

    Biznes 25 Noyabr 2024 658

    Joriy yil 23-noyabrda poytaxtimizda Shveytsariya kunlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Shveytsariyaning mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan Shveytsariya kunlarining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ishtirok etdi.

    «Shveytsariya: Sifat. Innovatsiya. Ishonchlilik» umumiy shior ostida o‘tkazilayotgan ushbu tadbir O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, madaniyat, san’at va ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, Toshkentda 30 dan ortiq Shveytsariya kompaniyalari ishtirokida uchinchi marotaba tashkil etilyapti.

    Laziz Kudratov yig‘ilganlarga qutlov so‘zi bilan murojaat qilar ekan, O‘zbekiston bilan Shveytsariya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

    So‘nggi besh yil ichida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, 2023-yilda 341 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda 100 dan ortiq Shveytsariya kompaniyalari faoliyat yuritib kelyapti. 2023-yil yakuniga ko‘ra, o‘zlashtirilgan Shveytsariya investitsiyalari hajmi 1,4 milliard dollarni tashkil etdi. Shveytsariya kompaniyalari bilan farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qurilish, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va turizm kabi yo‘nalishlarda investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti.

    Shveytsariya kompaniyalariga yashil texnologiyalar, qayta tiklanadigan energiya manbalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilg‘or moliyaviy texnologiyalarni joriy etish, resurslarni barqaror boshqarish va innovatsiyalar sohasida o‘zaro savdo, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish shuningdek, farmatsevtika sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli imkoniyatlar taqdim etildi.

    Vazirlik Shveytsariya kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatiga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Ma’lumot uchun: Shveytsariya kunlari Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, Shveytsariya innovatsiyalari, ishonchliligi va sifatini namoyish etish orqali iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Tadbirlar interaktiv sessiyalar, tematik ko‘rgazmalar va uchrashuvlarni o‘z ichiga oladi. Master-klasslar ham hukumat vakillari, ham biznes hamjamiyatiga qaratilgan.