Mazkur holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, holatga oydinlik kiritish maqsadida boshqarmaning Olmazor tumani boʻlimi tomonidan “Sagʻbon” kolbasa va kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida Biznes ombudsman bilan kelishilgan holda kuchaytirilgan tekshiruv ishlari olib borilgan.
Tekshiruv davomida korxonada goʻsht va goʻsht mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash jarayonida Sanitariya qoida va meʼyorlariga amal qilgan holda ish olib borilayotgani, kolbasa mahsulotlarini tayyorlash uchun olib kelinadigan goʻsht mahsulotlari tekshiruvdan oʻtgan holda keltirilishi hamda tayyor mahsulotlar toʻliq sovutish tizimiga ega boʻlgan omborxonalarda saqlanayotgani maʼlum boʻlgan.
Shuningdek, baʼzi jihozlarning foydalanilishiga qarab tamgʻalanmagani, 7 nafar xodimning tibbiy koʻrik kitobchalari mavjud emasligi hamda ishchi xodimlarning ust-bosh kiyimlari zaxirasi yaratilmagani bois korxona rahbariga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
“Qayd etish kerakki, korxonada mahsulotlarni tayyorlash va saqlash qoidalarida rioya qilinayotgani bois u yerda mahsulot sifatiga salbiy taʼsir qiluvchi omil mavjud emas. Shu bois videodagi holatga doʻkonlarda sosiska mahsulotlarini toʻgʻri sharoitda saqlanmagani uning sifati buzilishiga sabab boʻlganini maʼlum qilamiz”, deyiladi xabarda.