Toshkentda soxta banker ushlandi

    Toshkentda oʻzini bank xodimi sifatida tanishtirib oʻzgalarning pullarini oʻzlashtirgan firibgar ushlandi.

    Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Toshkent viloyati yashovchi 38 yoshli (ayol) M.Gʻ. nomaʼlum sabablarga koʻra 15 mln. coʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilganligi boʻyicha IIOga murojaat qilgan.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi U.R. ismli shaxs sodir etganligi aniqlangandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan U.R., jabrlanuvchi (ayol) M.Gʻ.ga qoʻngʻiroq qilgan va oʻzini “Bank xavfsizlik xizmati xodimi“ sifatida tanishtirib, “SMS“ xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali bank kartasi boshqaruvini qoʻlga kiritib, uning hisobida boʻlgan 15 mln. soʻm pullarni oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank plastik kartasiga oʻtkazib olgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan U.R.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.