Toshkentda “Space Technology Conference STC-2022” xalqaro konferensiyasi davom etyapti

    Xalqaro hamkorlik 10 May 2022 1262

    Ayni kunlarda Toshkentda “Space Technology Conference STC-2022” xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtyapti. Unda bir nechta xorijiy davlatlar vakillari ham ishtirok etyapti.

    Bugun, 10-mayda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ushbu konferensiyaning ochilish marosimida qatnashib, nutq soʻzladi.

    AKT vaziri dastlab soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari sohasiga katta eʼtibor qaratilayotgani, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ushbu yoʻnalishda ustuvor vazifalar belgilab berilganini taʼkidlab oʻtdi.

    “Davlatimiz rahbari tomonidan axborot kommunikatsiya va texnologiyalari sohasini rivojlantirish boʻyicha juda katta vazifalar oldimizga qoʻyildi va juda katta ishlar boshlandi. Oxirgi oʻtgan oylar ichida ham Oʻzbekiston oʻziga yarasha dunyoning koʻpgina axborot texnologiyalari mutaxassisi va kompaniyalarini jalb etadigan markazga aylanib boryapti.

    Prezidentimiz Oʻzbekistonni mintaqaviy axborot texnologiyalari xabiga aylantirish boʻyicha katta vazifalarni belgilab berdi va ushbu vazifani amalga oshirishdagi eng katta qadamlardan bittasi ham mana shu konferensiya boʻlsa kerak. Chunki ushbu konferensiyada dunyoning juda koʻplab ekspertlari va mutaxassislari ishtirok etyapti. Raqamlashtirish bilan kosmik tadqiqotlarni birgalikda olib boramiz”, – dedi AKT vaziri konferensiya doirasida soʻzlagan nutqida.

    Vazirning qoʻshimcha qilishicha, yoʻldosh aloqasi hududlarda aholini zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari bilan taʼminlash imkonini beradi.

    “Olis, togʻli, choʻl, dasht hududlardagi aholining sifatli va ishonchli telekommunikatsiya xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini maqbul narxlarda qondirish pirovard maqsad qilganmiz. Shu bilan birga, kosmik texnologiyalar maʼlumotlar integratsiyasi orqali biz imkon boricha mamlakatimizning barcha sohalarini iqtisodiy tarmoqlarini raqamlashtirishda oldimizga qoʻyilgan vazifalarga tezroq yetishishga imkonimiz boʻladi.

    Inson omilini kamaytirish, haqiqiy holatni kosmik texnologiyalar orqali tez va oson oʻrganish mamlakatni raqamlashtirish boʻyicha qoʻyilgan vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirishga imkoniyat ochib beradi”, – deya Sh. Shermatov.

    Xalqaro konferensiya doirasida bir qator xalqaro kompaniyalar vakillari bilan ham uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Bu haqda toʻliqroq maʼlumotlar taqdim etiladi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.