Tantanali tadbirda Hindiston tashqi ishlar vaziri doktor S. Jayshankar hamda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov boshchiligidagi mutasaddilar ishtirok etdi.
Hamkor davlatning moliyaviy ko'magida tashkil etilgan markaz laboratoriyasi Hindistondan olib kelingan so'nggi rusumdagi IT-uskunalar, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Ulardan darslarni o'tish, laboratoriyalardagi loyihalar ustida ishlash, inkubatsiya va O'zbekistondagi mintaqaviy tadbirkorlik markazlari bilan virtual aloqalarni o'rnatishda faol foydalaniladi.
Hindiston-O'zbekiston tadbirkorligini rivojlantirish markazi O'zbekistonning yosh tadbirkorlari uchun turli xil kurslarni o'tkazib kelmoqda, — dedi Doktor S Jayshankar. — YOshlarning malakasini oshirish, ish bilan ta'minlash va biznesni rivojlantirish ushbu markaz faoliyatining muhim natijalaridan biridir. IT-laboratoriya esa bu jarayonda qo'shimcha yordam berishiga ishonaman.
Ma'lumot uchun Hindiston-O'zbekiston tadbirkorligini rivojlantirish markazi Hindiston hukumatining moliyaviy yordami hamda Ahmedabad shahridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish institutining texnik ko'magi asosida 2018-yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan. Markazning doimiy direktori ham Hindistondan yuborilgan bo'lib, u 2020-yil dekabridan boshlab faoliyat yuritib kelmoqda.
Tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov Hindiston hukumatiga Hindiston va O'zbekiston o'rtasidagi rivojlanib borayotgan hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri