Toshkentda “Tumo" kreativ texnologiyalar markazi ochiladi

    Shu kunlarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining taklifiga binoan  “TUMO” kreativ texnologiyalar markazi delegatsiyasi O'zbekistonda mehmon bo'lib turibdi.

    Tashrif doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazish, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-PARK) direktsiyasi hamda band bo'lmagan aholiga xizmat ko'rsatuvchi Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishish rejalashtirilgan. Tashrif yakuni bo'yicha Toshkent shahrida “TUMO” markazini ishga tushirish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “TUMO” kreativ texnologiyalar markazi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumini imzolash kelishuviga erishildi.

    Shu munosabat bilan poytaxtimizda bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari E.Muxitdinov, “TUMO” kreativ texnologiyalar markazining Erevandagi vakillari – franshiza bo'yicha direktor S.Xeskok va arxitektura departamenti rahbari Sh.Simon`yan so'zga chiqib, “TUMO” faoliyati, maqsad va vazifalari to'g'risida taqdimot o'tkazdi. Mehmonlarga O'zbekiston yoshlarining axborot texnologiyalari sohasidagi salohiyatini yuzaga chiqarish strategiyalari haqida so'zlab berildi.

    Mazkur tashabbus davlatimiz rahbarining joriy yil yanvar` oyida YUnusobod tumaniga tashrifi davomida bergan topshirig'i ijrosini ta'minlash yuzasidan amalga oshirilmoqda. Ushbu tashrif chog'ida etakchi xalqaro kompaniyalar talabi va standartlariga muvofiq, axborot texnologiyalari sohasida yoshlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga YUnusobod mashinasozlar kolleji bazasida axborot texnologiyalari bozorida talab yuqori bo'lgan kasblarga har yili 1200 nafardan ortiq yoshlarni o'qitadigan va keyinchalik ularni ishga joylashtirishga ixtisoslashgan “TUMO” kreativ texnologiyalar markazini ochish topshirilgan edi.

    “TUMO” markazi kreativ texnologiyalar sohasida yoshlarni amaliy faoliyatga tayyorlaydigan innovatsion ta'lim platformasi hisoblanadi. Ixtisoslashgan kurslar, ma'ruza va tadbirlar talabalarga o'z bilim va ko'nikmalarini kundalik hayotda qo'llash imkoniyatini beradi. Markazning asosiy maqsadi yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish va IT sohasidagi ijodiy salohiyatlarini to'laqonli yuzaga chiqarish sanaladi.

    Markazga 2011 yil Erevanda, Armanistonda asos solingan. Armanistondan tashqari “TUMO” markazlari Parij, Bayrut, Moskva, Tirana va Berlinda ham faoliyat yuritadi. Yoshlarni o'qitish bugungi global mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan grafik dizayn, 3D modellashtirish, dasturlash, robototexnika, veb-dasturlash, kino ishlab chiqarish singari 14 ta yo'nalish bo'yicha amalga oshiriladi.

    Bahor XIDIROVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri