Toshkentda tungi klublarning biri oldida yuz bergan janjalda PPX xodimi jarohat oldi

    Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta fuqaro ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik koʻrsatayotgani aks etgan video tarqaldi.

    Toshkent shahar IIBB axborot xizmati boʻlib oʻtgan voqea yuzasidan dastlarbki maʼlumotlar berdi.

    Taʼkidlanishicha, shu yilning 22-fevral kuni taxminan soat 23.30 larda Yunusobod tumanida joylashgan tungi klublardan biri oldida 5 nafar mast holatdagi shaxs baqir-chaqir qilib, fuqarolar osoyishtaligini buzgan.

    Hodisa joyiga mazkur hududga jalb qilingan PPX xodimlari yetib kelgan va ularni tinchlantirib, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida tuman IIO FMBga borishlarini taklif qilgan.

    Biroq fuqarolar IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmay, faol qarshilik koʻrsatgan. Natijada PPX inspektori D.Tolipov jarohat olgan.

    Mazkur holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar Yunusobod tumani prokuraturasiga taqdim etilgan boʻlib, tergovga qadar tekshiruv yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.