Tadbir Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, UNCTAD/JST xalqaro savdo markazi (XSM) hamkorligida ishlab chiqilgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan.

Tadbir davomida Uzbekistan Trade Info axborot platformasining rasmiy taqdimoti hamda uni ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, ushbu platformaning Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning xalqaro bozorlarga chiqish uchun ochib berayotgan imkoniyatlari muhokama etildi.

Uzbekistan Trade Info onlayn-vosita transchegaraviy savdo bilan bogʻliq maʼlumotlarga bepul va doimiy kirishni taʼminlashga, tadbirkorlar uchun vaqt va xarajatlarni qisqartirish va savdoni tartibga solishga, shuningdek savdo jarayonidagi toʻsiqlarni olib tashlashga yordam beradi.

Platformadagi maʼlumotlarning yangilanishini taʼminlash uchun u jamoa tomonidan davlat organlari va xususiy sektor bilan birgalikda ishlab chiqilyapti.

Platforma Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan 4 yillik “Ready4Trade – Markaziy Osiyo” loyihasi doirasida ishga tushirildi. Savdo aloqalarini kengaytirishga qaratilgan mintaqaviy loyiha Markaziy Osiyoning Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston kabi beshta davlatida mintaqalararo va xalqaro savdoni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi.

Bosqichma-bosqich savdo axborot platformasi “Uzbekistan Trade Info” transchegaraviy savdoni osonlashtirish, mavjud milliy onlayn xizmatlarni toʻldirish va Oʻzbekiston xususiy sektoriga xalqaro savdoning barcha imkoniyatlaridan foydalanishda yordam berishning samarali vositasi boʻladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.