Holat boʻyicha “Toshshahartransxizmat” AJ Axborot ma'lumot berdi.
Ushbu holat “Toshshahartransxizmat” AJ, Transport nazorati inspeksiyasi rahbariyati va masʼul xodimlar ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, oʻz xizmat vazifasini suiisteʼmol qilib qoʻpol qoidabuzarlik sodir etganligi, shahar koʻchalarida qarama-qarshi harakatlanib xavfli manyovrlarni amalga oshirgani va avariya holatini keltirib chiqarganligi uchun ushbu haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Eslatib oʻtamiz, qoʻpol qoidabuzarlik sodir etgani uchun mehnat shartnomasi bekor qilingan haydovchilarning elektron bazasi, yaʼni, “Qora roʻyxat”i joriy etilgan boʻlib, unga koʻra ushbu haydovchilar avtobus saroyi filiallariga qayta ishga olinmasliklari qatʼiy belgilangan. Shu kunga qadar ushbu roʻyxatga kiritilgan haydovchilar soni 197 nafarni tashkil etmoqda.
Yuqoridagi qoidabuzarlik sababli ishdan boʻshatilgan 58-sonli avtobus haydovchisi F.S ham ushbu qora roʻyxatga kiritilganligini maʼlum qilamiz.
Bundan tashqari, qoidabuzarlik chogʻida nafaqat oʻzining balki boshqa yoʻl harakati ishtirokchilarining ham hayotini xavf ostiga qoʻyganligi sababli, haydovchi F.S.ni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish yuzasidan Jinoyat ishlari sudiga maxsus taqdimnoma kiritildi.