Toshkentda jamoat transporti uchun yana 10 ta maxsus yoʻlaklar tashkil etiladi

    Toshkent shahrida 2025–2030-yillarda umumiy uzunligi 50,6 kilometrni tashkil etuvchi maxsus avtobus yoʻlaklari tarmogʻi yaratiladi.

    Bu haqda Toshkent shahri hokimining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Rahmonov “Oʻzbekiston 24”ga bergan intervyusida.

    Uning taʼkidlashicha, Prezident huzurida qilingan Toshkent shahrida jamoat transporti tizimini tubdan yaxshilashga qaratilgan yangi loyiha taqdimotida poytaxt koʻchalarida avtobuslar uchun alohida ajratilgan yoʻlaklar, yaʼni BRT (Bus Rapid Transit) tizimini joriy etish rejalari muhokama qilindi.

    Ushbu loyiha transport harakatini optimallashtirish, qatnov intervallarini qisqartirish va yoʻlovchilar uchun qulayliklarni oshirishni maqsad qilgan.

    Prezidentga taqdim etilgan loyiha poytaxt transport infratuzilmasida muhim oʻzgarishlarni nazarda tutadi. Uning asosiy maqsadi – avtobuslar harakatini tezlashtirish va samaradorligini oshirishdan iborat.

    Tizim toʻliq ishga tushgach, 1 million 146 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatishi kutilmoqda.

    Loyiha Toshkentning markaziy va tirbandligi yuqori boʻlgan oʻnta asosiy koʻchasini qamrab oladi. Bu koʻchalar yoʻlovchi oqimi eng koʻp boʻlgan yoʻnalishlar hisoblanadi.

    Hokim oʻrinbosarining aytishicha, poytaxtdagi umumiy masofa qariyb 51 kilometrni tashkil etgan yana 9 ta koʻchada BRT tizimi joriy etiladi.

    Jumladan:

    • Shahrisabz koʻchasi – 3,2 km;
    • Amir Temur koʻchasi – 5,7 km;
    • Yangi Sergeli koʻchasi – 5,3 km;
    • Maxtumquli koʻchasi – 1,3 km;
    • Mirzo Ulugʻbek – Feruza – Yuzirobod koʻchalari – 10,4 km;
    • Lutfiy va Muqimiy koʻchalari – 5,9 km;
    • Nurafshon koʻchasi – 3,7 km;
    • Qoratosh – Koʻkcha darvoza koʻchalari – 4 km;
    • Alisher Navoiy – Beruniy koʻchalari – 6 km.

    Loyihani amalga oshirish uchun umumiy qiymati 126 million dollar miqdorida mablagʻ sarflanishi koʻzda tutilgan.

    BRT tizimining joriy etilishi jamoat transporti samaradorligini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda. Eng muhimi, avtobuslarning belgilangan manzilga yetib borish vaqti qisqaradi.

    Baxtiyor Rahmonovning qayd etishicha, avtobuslarning oʻrtacha harakat tezligi ortadi, qatnovlar orasidagi interval esa hozirgi 20 daqiqadan 8–10 daqiqagacha qisqaradi. Bu oʻzgarishlar natijasida jamoat transportidan foydalanuvchilar soni ortishi prognoz qilinmoqda.