Toshkentda yangi zargarlik korxonasi ochildi

    Hukumat 15 Yanvar 2021 5993

    Zargarlik mahsulotlari butun dunyoda xaridorgir. Ushbu tarmoqda jahon boʻylab ishlab chiqarish hajmi yiliga 5-6 foizga oʻsayotgani, tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshayotgani bu sohada ulkan bozor borligini koʻrsatadi.

    Mamlakatimizda bu soha koʻp yillar eʼtibordan chetda qolgandi. Zargarlik korxonalari asbob-uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish toʻxtagan edi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 8-may kuni oʻtkazilgan yigʻilishda zargarlikni chinakam sanoat darajasiga olib chiqish vazifasini qoʻygan edi. Koʻp oʻtmay, oʻsha yili 18-mayda davlat rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, sohaga chet el investitsiyalarini faol jalb etish, raqobatbardosh va sifatli zargarlik buyumlarini tayyorlashda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

    Yaqinda poytaxtimizning Chilonzor tumanida ishga tushirilgan “Gold Moon Tashkent” mas'uliyati cheklangan jamiyat ana shu imkoniyatlar natijalaridan biri.

    Davlatimiz rahbari bugun ushbu korxona faoliyati bilan tanishdi.

    Qiymati qariyb 21 million dollar bo'lgan mazkur loyiha doirasida yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvati tashkil etilgan. Italiya, Germaniya va Turkiyadan zamonaviy asbob-uskunalar keltirib o'rnatilgan. Ishga 400 dan ortiq mohir zargar jalb qilingan. Italiyalik dizayner va texnik xodimlar ularga o'z mahorat va tajribalarini o'rgatmoqda.

    Sobiq “FONON” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi negizida ochilgan ushbu shirkat mahsulotlari zamonaviyligi, sifati va nafisligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda ularning xaridori ko'payib, import o'rnini bosmoqda. Shuningdek, zavod binosida savdo do'koni tashkil etilgan. Mahsulotlarning 15 foizini Rossiya, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Afg'oniston va boshqa davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

    - Zargarlik xalqimizda azaldan boʻlgan, bugun ham bor, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bizning maqsadimiz — yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va dizaynga oʻrgatib, kamida 10 ming nafar yigit-qizni ish bilan taʼminlash, Oʻzbekiston milliy brendini jahon bozoriga chiqarish. Yurtimizda xomashyo, qoʻli gul hunarmandlar bor. Bu soha milliy anʼanalarni tiklash, oʻzligimizni anglash nuqtayi nazaridan ham katta poydevor.

    Korxona xomashyoni mamlakatimizning tog‘-kon sanoati kombinatlaridan birja savdolari orqali oladi. Bu mahalliy hunarmandlar uchun ham qulaylik yaratadi. Zavod ularga yarim tayyor mahsulotlar yetkazib beradi.