Toshkentda Yaponiyaning IT maktablari ochiladi

    Ta'lim 1 Mart 2021 1045

    Bugun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev yaponiyalik bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashdi.

    Oʻzaro muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masallari muhokama etildi. Toshkent shahar hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqanligini taʼkidlab, oʻzaro aloqalarni taraqqiy ettirishda ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp ekanligini taʼkidladi. Iqtisodiyot, sanoat, taʼlim, madaniyat, turizm va sport sohasida birgalikda juda koʻplab loyihalarni amalga oshirish mumkinligini qayd etdi.

    Yaponiyaning “DʼS Grace FE LLC” kompaniyasi direktori Daysuke Nakamura Toshkentda kunchiqar mamlakatning IT akademiyasi ish boshlaganini bildirib, unda ehtiyojmand oilalar farzandlari bepul taʼlim olishlari mumkinligini aytib oʻtdi. Shuningdek, shu va boshqa qator yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

    Yaponiyaning Beeanz korporatsiyasi ham xuddi shu yoʻnalishda faoliyat olib boradi, hozirgacha ular Zarafshon shahri va Yangiyoʻl tumanida IT maktablarni ishga tushirdilar. Korporatsiyaning maqsadi Toshkentda ham shunday maktablarni koʻpaytirishdir. Toshkent shahar hokimi bu takliflarni qoʻllab-quvvatlab, yosh avlodning zamonaviy texnologiyalar asosidagi taʼlimi uchun poytaxtda zarur sharoitlarni yaratishga tayyorligini aytdi.

    Noritsuisu kompaniyasi mutasaddilari esa tadbirkorlar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, Yaponiyaning Yosh tadbirkorlar palatasi bilan hamkorlikda forum tashkil qilish muhimligini taʼkidladi. Shu bilan birga ofis stullarini ishlab chiqarish kompaniyaning asosiy yoʻnalishlaridan biri ekanligini qayd etib, Toshkentda mazkur yoʻnalishda qoʻshma korxonani ochish, xavfsizlik sohasida ahamiyatli boʻlgan ID kartalarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi.

    Shuningdek, uchrashuvda kosmetika va media yoʻnalishdagi tadbirkorlar ham ishtirok etib, oʻz yoʻnalishi boʻyicha birgalikda ishlash yuzasidan takliflarni aytib oʻtdilar.

    Toshkent shahar hokimi yaponiyalik tadbirkorlarning barcha takliflari atroflicha oʻrganilishi, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilishini maʼlum qildi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.