Maʼlumotga asosan Davlat ekologiya qo‘mitasi, Ekologik partiyasi faollari, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi, Yakkasaroy tuman hokimligi, tuman prokuraturasi hamda tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida “Vinera Tower” MCHJ tomonidan qurilish qilish maqsadida hududdagi 2 tup qimmatbaho va 4 tup kam qimmatli bo‘lgan – jami 6 tup daraxt tegishli ruxsatnomasiz, qonunchilikka zid ravishda boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilgani oqibatida daraxtlar nobud qilingani, shuningdek, qurilish uchun kotlovan qazilishi natijasida 4 tup daraxtning ildiziga shikast yetkazilgani aniqlandi.
Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki, mazkur holat yuzasidan joriy yilning 27 sentabr kuni Yakkasaroy tumani ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan mazkur hududda xatlov o‘tkazilib, 22 tup ko‘p yillik daraxtlar mavjudligi aniqlangan. Ushbu daraxtlarni kesmaslik bo‘yicha qurilish tashkilotiga majburiy ko‘rsatma berilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga 218 million 370 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.