баннер
13 Mar 2025
22:10

    Toshkentda katta miqdorda yaroqlilik muddati oʻtgan spirtli ichimliklar aniqlandi

    Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va sifati kafolatlanmagan mahsulotlarning savdoga chiqarilishining oldini olish maqsadida DXX tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi vakillari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida spirtli va salqin ichimliklar savdosi bilan shugʻullanuvchi 2 ta xususiy korxonaning Yashnobod tumanida joylashgan omborida katta qismining yaroqlilik muddati oʻtgan, umumiy qiymati 429 mln. 629 ming soʻmlik 79.172 dona salqin ichimliklar hamda 134 mln. 845 ming soʻmlik 3.374 dona spirtli ichimliklar saqlanayotganligi aniqlandi.

    Shuningdek, omborda kirim hujjatlariga ega boʻlmagan, qiymati 1 mlrd. 187 mln. soʻmlik, mahalliy va xorijdan keltirilgan 25.746 dona turli xil spirtli ichimliklar mavjudligi ham aniqlandi.

    Tekshiruv davomida salqin ichimliklarning asosiy qismining yaroqlilik muddati maxsus suyuqlik yordamida oʻzgartirilib, sotuvga chiqarish uchun tayyorlab qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.

    Oʻz navbatida, yaroqlilik muddati oʻtgan va kirim hujjatlariga ega boʻlmagan ichimliklar sifatini tekshirish yuzasidan ekspertiza tayinlandi.

    Hozirda tergovga qadar tekshiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech