Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlar oʻrtasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqlim oʻzgarishiga moslashish, logistika bilan bogʻliq muammolarni hal etish maqsadida tashkil etilgan mazkur anjumanda 30 dan ortiq davlatdan vakillar, xalqaro moliya tashkilotlari, ilmiy doiralar, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor rahbarlari qatnashmoqda.

Bugun mazkur forumning ochilish marosimi boʻldi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, FAO bosh direktori Syuy Dunyuy, BMTning eng kam rivojlangan va dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha Oliy vakili Rabab Fatima, Yevropa Ittifoqining qishloq xoʻjaligi boʻyicha komissari Yanush Voysexovskiy soʻzga chiqdi.

Bosh vazir oʻz nutqida mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan soʻnggi yillarda barcha sohalarda boʻlgani kabi qishloq xoʻjaligida ham samarali islohotlar olib borilayotgani, buning natijasida ichki ishlab chiqarish hisobiga aholining oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligi taʼminlanayotgani, agrologistika hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarilayotganini alohida taʼkidladi.

Xususan, oziq-ovqatni koʻpaytirish, qishloq aholisi daromadini oshirish maqsadida soʻnggi uch yilda 250 ming gektar paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, qoʻshimcha 5 million tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilmoqda. Ekin maydonlarining 30 foiziga tejamkor texnologiyalar joriy etildi va suv sarfi 30-35 foizga kamayib, hosildorlik 35-40 foizga oshdi. Oxirgi olti yilda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektoriga xalqaro moliya institutlaridan 2,5 milliard dollar investitsiya va grant mablagʻlari jalb etildi va qariyb 51 ming nafar yangi ish oʻrni yaratildi. Joriy yilda Toshkent shahrida Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasining mintaqaviy vakolatxonasi tashki etildi.

Sohani zamonaviy bilimlarga ega, yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda Toshkentda Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti hamda Ummon Sultonligi ishtirokida Fargʻonada Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Meva-sabzavot, gʻalla, goʻsht va sut yetishtirish 2017-yilga nisbatan 1,5 barobar oshdi. Qoʻshilgan qiymatni oshirish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va agrologistika boʻyicha yangi quvvatlar ishga tushirildi. Meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmi 2 milliard dollarga yetib, 2017-yilga nisbatan 2 barobar oshdi.

Eng asosiysi, qishloq hududlarida yashayotgan aholini daromadi oshib, turmush tarzi yaxshilanmoqda. Bu boradagi islohotlar natijasini xalqaro indekslarda ham koʻrish mumkin. Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksi boʻyicha baholash reytingida Oʻzbekiston 12 pogʻonaga koʻtarildi. Shuningdek, 2023-yil uchun eʼlon qilingan Global ochlik indeksida Oʻzbekiston oʻz koʻrsatkichlarini yaxshilab, 125 ta mamlakat ichida 21 oʻrinni egalladi.

Shuningdek, bugungi kunda Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilayotgani, mazkur davrga kelib, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni 2 barobarga koʻpaytirish, eksport va qoʻshilgan qiymat darajasini 3-marta oshirish koʻzda tutilayotgani qayd etildi.