Toshkent shahar hokimligi, Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi "Toshkent shahri ko‘chalari va chorrahalarida yo‘l harakatini raqamli boshqarish va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini joriy etish" loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi:
raqamli texnologiyalar va innovasion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda tirbandlik yuqori bo‘lgan chorrahalar va avtomobil yo‘llarida transport oqimini samarali boshqarish va taqsimlash imkonini beruvchi markazlashgan raqamli boshqarish tizimini (aqlli svetoforlar tizimi) joriy etish;
har qanday qoidabuzarlik uchun jazo muqarrarligini ta’minlovchi avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari tizimini (intellektual foto va videokamera majmualari tizimi) joriy etish;
avtomobil yo‘llari infratuzilmasini takomillashtirish, avtomobillarning yo‘l bo‘yida betartib to‘xtab turishini tartibga solish va aholining jamoat transportidan foydalanishini rag‘batlantirish maqsadida avtomobil yo‘llari bo‘ylab to‘lov avtomatlari o‘rnatilgan va avtomototransport vositalari joylashtirilganligi uchun haq to‘lash bo‘yicha axborot tizimlariga ega bo‘lgan yagona yo‘l bo‘yi pulli avtomobil to‘xtash joylari tizimini (yo‘l bo‘yi pulli avtomobil to‘xtash joylari tizimi) tashkil etish;
Toshkent shahriga kiruvchi asosiy avtomobil yo‘llari bo‘ylab avtotransport vositalari og‘irligi va gabariti nazorati bo‘yicha avtomobil yo‘llari sifatini saqlashga xizmat qiluvchi stasionar shoxobchalar tizimini (avtotransport vositalari og‘irligi va gabariti nazorati bo‘yicha stasionar shoxobchalar tizimi) yaratish;
aqlli svetoforlar, intellektual foto va videokamera majmualari, avtotransport vositalari og‘irligi va gabariti nazorati bo‘yicha stasionar shoxobchalar hamda yo‘l bo‘yi pulli avtomobil to‘xtash joylari tizimlarini markazlashgan tarzda intellektual boshqarish, monitoring-tahlil ishlarini olib borish va yo‘l harakati tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tarkibida Toshkent shahrida transport tizimini tashkil etish va boshqarishning yagona markazi tashkil etish va markazni Toshkent shahar hokimligining Raqamli Toshkent vaziyatlar markazi binosida joylashtirish.