Toshkentda yongʻinda qolib ketgan bola qutqarildi

    Shu yilning 15-avgust kuni soat 13:04 da Toshkent shahar, Uchtepa tumani, “Koʻxna Choʻponota” MFY Chilonzor 13-mavzeda joylashgan koʻp qavatli uylarning birida yongʻin sodir boʻldi.

    Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, yongʻin sodir boʻlgan joyga 3 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji yuborilgan. Yongʻin yongʻin-qutqaruv ekipaji tomonidan soat 13:13 da oʻrab olinib,13:29 da batamom oʻchirildi.

    Maʼlumotlarga koʻra, yongʻinni bartaraf etish vaqtida yongʻin joyida bir nafar bola borligi aniqlangan. Zudlik bilan FVV qutqaruvchilari tomonidan bola qutqarilib, hayoti saqlab qolindi va tibbiyot xodimlariga topshirildi. Hozirda uning ahvoli yaxshi.

    Yongʻin oqibatida xonadonning 20 m.kv maydonda uy jihozlari yonib zararlangan.

    Hozirda yongʻin sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.