Toshkentda yoshlar oʻrtasida shpaga boʻyicha Jahon Kubogi oʻtkazilmoqda

    Sport 14 Dekabr 2025 230

    13–14-dekabr kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida qilichbozlikning shpaga yoʻnalishi boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi nufuzli Jahon Kubogi bosqichi yuqori saviyada oʻtkazilmoqda. Paxtakor sport majmuasida tashkil etilgan mazkur musobaqa dunyoning turli davlatlaridan kelgan iqtidorli sportchilarni bir maydonga jamlandi.

    Musobaqa oldidan sportchilarning qurol-aslahalari va ekipirovkalari xalqaro talablar asosida texnik nazoratdan oʻtkazildi. Har bir qilich, himoya kiyimi va elektron sensorlar sinchkovlik bilan tekshirilib, bellashuvlarning xavfsiz va adolatli oʻtishi taʼminlandi.

    Dastlab yakka tartibda oʻtkazilgan Jahon Kubogi bosqichida jami 10 ta davlatdan 59 nafar sportchi ishtirok etishdi. Ular orasida Ozarbayjon, Misr, Gretsiya, Gonkong, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Saudiya Arabistoni, Meksika, Nigeriya hamda Oʻzbekiston terma jamoalari vakillari bor.

    Mezbon mamlakat sifatida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi musobaqada 23 nafar sportchi bilan qatnashmoqda. Ular asosan 15–19 yosh toifasidagi yosh yigitlar boʻlib, jahon miqyosidagi kuchli raqiblarga qarshi munosib kurash olib borishdi.

    Bellashuvlar juda koʻtarinki ruhda, yuqori tezlik va aniqlik bilan oʻtkazildi. Tomoshabinlar va mutaxassislar tomonidan musobaqaning tashkiliy darajasi va raqobat muhiti yuqori baholandi.

    Quvonarlisi, yakkalik dasturida Oʻzbekiston terma jamoasi navbatdagi muvaffaqiyatga erishdi. Yosh va iqtidorli qilichboz Kamron Ismoilov yarim finalgacha yetib borib, musobaqani bronza medal bilan yakunladi va shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi.

    Shpaga yoʻnalishi boʻyicha yoshlar milliy terma jamoasi murabbiyi Gʻaniyev Baxtiyor musobaqa haqida quyidagilarni taʼkidladi:

    “Bugungi musobaqada Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan 23 nafar sportchi ishtirok etyapti. Asosiy tarkibni 15–19 yoshli yosh yigitlar tashkil qiladi. Turnirda jami 59 nafar sportchi qatnashdi va bellashuvlar juda koʻtarinki, raqobatli ruhda boʻlib oʻtdi. Quvonarlisi, mening shogirdim, oʻzim murabbiylik qilayotgan Kamron Ismoilov ham munosib ishtirok etib, uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu natija yoshlarimiz kelajagi uchun katta ishonch bagʻishlaydi.”

    Toshkent shahrida oʻtayotgan yoshlar oʻrtasidagi shpaga boʻyicha Jahon Kubogi bosqichi Oʻzbekiston qilichbozlik maktabining salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Milliy terma jamoamizning ishtiroki va qoʻlga kiritilgan natijalar yosh sportchilarning xalqaro maydonda tajriba orttirishi va yuqori marralar sari intilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Zulxumor AKBAROVA