Toshkentda yuqori bosimda havoni qurituvchi uskunani olib kirishga uringan shaxs ushlandi

    U xorijdan Ozonni buzuvchi moddalar asosida ishlaydigan uskunalarni olib kirishga uringan.

    Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Toshkent tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida ekologiya uchun xavfli, Ozon qatlamini yomiruvchi zararli moddalar va ular yordamida ishlovchi uskunalar importini nazorat qilishda postning Tovarlarni klassifikatsiyalash guruhi bilan birgalikda samarali faoliyat olib borilmoqda.

    Amaldagi tartiblarga koʻra, Ozonni buzuvchi yoki ularga bogʻliq boʻlgan moddalardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan sovutish jihozlari va havoni konditsionerlash uskunalarini import qilish taʼqiqlangan.

    Yaqinda postda xorijdan keltirilgan uskunalarni bojxona koʻrigidan oʻtkazish davomida mazkur cheklovni buzishga urinishlar fosh qilindi.

    Jumladan, xorijdan keltirilgan yuqori bosimda havoni qurituvchi uskuna hamda ichimliklarni quyuvchi liniya uchun chiller uskunasi Ozonni buzuvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan R-22 freon moddasida ishlashi maʼlum boʻldi.

    Shu sababli jami qiymati 143.5 mln soʻmlik mazkur uskunalar hozirda vaqtincha saqlovga olindi va kelgusida respublikamizdan chiqarib yuborilishi kutilmoqda.

    Har ikkala holat yuzasidan bojxona surishtiruvlari davom ettirilmoqda.