Toshkentda yuqori kuchlanishli elektr qurilmasida yongʻin chiqdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda yuqori kuchlanishli elektr qurilmasida avariya boʻlganligi haqida xabarlar tarqaldi.

    Holat boʻyicha “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MCHJ axborot xizmati maʼlumot berdi.

    Shu yilning 14-oktyabr kuni soat 16:06 da Mirzo Ulugʻbek, qisman Yashnobod va Mirobod tumani hududlarini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi “Lafarga” va “Salarskaya” podstansiyalaridan chiquvchi Vodil-1 tarmogʻidan taʼminlanuvchi 45- va 46-ustun (opora) oraligʻidagi 110 kVli yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmogʻida noqulay ob-havo, yomgʻir yogʻishi, daraxt shoxlarining sinishi natijasida qisqa tutashuv yuzaga kelib, favqulodda avariya holatida qisqa muddatga elektr taʼminotida uzilish sodir boʻldi.

    “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” MCHJning Yuqori kuchlanishli tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish xizmati tomonidan yuqori kuchlanishli havo tarmogʻida yuzaga kelgan nosozlik soat 17:05 da toʻliq bartaraf etilgandan soʻng elektr energiyasi qayta tiklangan.