Toshkentda yuzini aniqlab boʻlmas darajada yopib yurgan yigit ushlandi

    Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 19-iyun kuni jamoat joyida yuzini tanib boʻlmas darajada yopib yurgan yigit ushlandi.

    Qayd etilishicha, “Chorsu” bozori oldida qora roʻmol kiygan, ayol koʻrinishidagi shaxs oʻz harakati orqali shubha uygʻotgani uchun tuman IIB xodimlari tomonidan toʻxtatilgan. Soʻng shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimiga olib borilgan.

    “Gazeta.uz”ning huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbasiga tayanib yozishicha, tekshiruv vaqtida ushbu shaxs Toshkent viloyati Boʻka tumanida yashovchi 22 yoshli B.P. (erkak) ekani aniqlangan.

    Surishtiruv davomida u 2023-yil oktyabr oyida Rossiyaning Moskva shahriga ishlash maqsadida ketib, 2024-yil 17-iyunda qaytgani, 19-iyun kuni yashash manzilidan chiqib, “Chorsu” bozori tomonga aylanish maqsadida kelgani maʼlum boʻlgan.

    U IIB xodimlari tomonidan toʻxtatilib tekshirilganda qonuniy talabga boʻysunmay, faol qarshilik koʻrsatgan. Surishtiruv davomida fuqaro yoshlik chogʻidan buyon ayollarga xos kiyinishga qiziqib, koʻcha-koʻyda ovoz tonini mayin qilib, ayollar ovoziga oʻxshatib gapirishi, vaqti-vaqti bilan burqa-hijob oʻrab yurishi aniqlandi, — deyiladi xabarda.

    Holat yuzasidan yigitga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 194- (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik), 195- (ichki ishlar organlari xodimlarining oʻz xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik koʻrsatish) hamda 184−4-moddalari (jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan koʻrinishda boʻlish)ga asosan xujjatlar rasmiylashtirilgan.