Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmani kotibiyatiga Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro G.A (ayol) ning murojaati kelib tushgan.

Murojaatda joriy yilning 13-mart kuni voyaga yetmagan farzandi V.D (2018-yilda tugʻilgan oʻgʻil bola) nodavlat maktabgacha taʼlim muassasaga borgan vaqtida muassasa administratori U.I (1989-yilda tugʻilgan ayol) bolani urib, jarohat yetkazganligini maʼlum qilgan.

Murojaatchi bildirishicha, U.I bolaga nisbatan qilgan nomaqbul muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan boʻlsada, ayol ushbu maktabgacha taʼlim muassasasida faoliyatini davom ettirayotganligini atroflicha oʻrganilishida amaliy yordam soʻragan.

Mazkur holat Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida IIV va MTMV tomonidan oʻrganilganda administrator lavozimida ishlab kelgan U.I 2018-yilda tugʻilgan V.D ga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlib, uni kamera yoʻq xonaga olib chiqib qasddan urib, sogʻliqning qisqa muddat yomonlashuviga olib kelmagan yengil tan jarohati yetkazgan.

Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida maʼmuriy javobgarlikka oid ish materiallari sudga yuborilib, 26.03.2025-yil sud tomonidan tarbiyachi I.U ga nisbatan MJtK ning 52-moddaning 2-qismi boʻyicha jarima jazosi qoʻllanilgan.

Shuningdek, I.U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ham 26.03.2025-yilda bekor qilinib, uning mazkur muassasada faoliyati yakunlangan.