баннер
30 Mar 2025
03:56

    Toshkentdagi bozor va savdo komplekslarida patta narxi oshirilganining sababi ochiqlandi

    Toshkent shahar hokimining 2025-yil 14-fevraldagi 101-14-0-Q/25-son qarori bilan 2025-yil uchun bozor maʼmuriyati tomonidan undiriladigan bozor yigʻimi miqdori tasdiqlandi.

    Unga koʻra, patta puli sabzavot mahsulotlari hamda non va non mahsulotlari yoʻnalishida 10 foizga, uy buyumlari, kiyim-kechaklar va uy parrandalari kabi yoʻnalishlarda 17-20 foizgacha, sitrus, tropik va quruq mevalar, konserva, salqin ichiqliklar, gullar, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar kabi yoʻnalishlarda 21-25 foizgacha, asal mahsulotlari kabi yoʻnalishlarda 26-29 foizgacha oshirilgan.

    Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati mazkur yigʻim miqdori va uning oshirilishi yuzasidan tushuntirish berdi.

    Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi 19 ta bozor va savdo komplekslarining jami xarajatlari 2022-yilda 256,3 mlrd soʻmni, 2023-yilda 296,0 mlrd soʻmni, 2024-yilda 314,1 mlrd soʻmni tashkil etgan boʻlib, 2025-yilda soliq, kommunal toʻlovlar, ish haqi oshishi hamda taʼmirlash va qurish ishlarini inobatga olib 383,5 mlrd soʻm (2024-yilga nisbatan 22 foizga koʻp) reja qilindi.

    Misol uchun: Eski Juva dehqon bozorining 2024-yilga nisbatan yer soligʻi 64 foizga (5,954 mlrd soʻm), kommunal toʻlovlar 17 foizga (4,254 mlrd soʻm) oshayotganligi, bundan tashqari, bozordagi rastalarni 5,9 mlrd soʻmga qayta qurish ishlari inobatga olinib, 2025-yil uchun xarajatlar 28,6 mlrd soʻmga (156 foiz) reja qilingan.

    Qayd etish joizki, aslida belgilangan patta pullari aholiga sifatli xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini zamonaviy darajaga olib chiqish uchun boʻlib, ularning bozorlar va savdo komplekslari umumiy tushumidagi ulushi 15 foizga ham yetmaydi.

    "Patta yigʻimlarini oshirish orqali bozorlarni saqlash (tozalash, yoritish, obodonlashtirish, pavilonlar tom qismini (shifer, profnastil) taʼmirlash yoki yangisiga almashtirish, rastalarni taʼmirlash yoki yangi qurish, yoʻlaklarni asfalt yoki bruschatka qilish, panjaralarni boʻyash, kommunikatsiya tarmoqlarini saqlash turish) hamda sotuvchi va xaridorlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish ishlarini amalga oshirish, soliqlarni, kommunal toʻlovlarni va 1 600 dan ortiq ishchi xodimlarga oylik maoshlarini oʻz vaqtida toʻlash reja qilib olingan", — deyiladi axborotda.


    Telegram kanalimiz
    Text to speech