Ushbu vazifa 15-mart kuni shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev tomonidan Toshkent shahriga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha Toshkent shahar shtabining maxsus yigʻilishi paytida belgilandi.

Xususan, poytaxtning barcha bozorlari va savdo markazlarining kirish qismida ushbu obyektlar maʼmuriyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi, Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda aholining tibbiy niqobda boʻlishini nazorat qiladi.

Hududga kiradiganlarning harorati doimo infraqizil termometrlar bilan oʻlchanadi va ularning qoʻllari antiseptiklar bilan dezinfeksiya qilinadi.

Bundan tashqari, masʼul idoralar xodimlari bilan birgalikda bozorlar va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlari amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyiladi, sotuvchilar tibbiy niqoblar va qoʻlqoplarda savdoni amalga oshirishlari ham nazoratga olindi.

Eslatib oʻtamiz 14-mart kuni Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bogʻliq 111 ta yangi holat aniqlangani, bu 2020-yil 24-dekabrdan (112 ta holat) beri kuzatilgan eng yomon antirekord ekani haqida xabar berilgan edi.

Ushbu 111 ta holatning 93 tasi Toshkent shahrida aniqlangan. Umuman olganda, Toshkentda soʻnggi bir hafta ichida kasallanish holatlari soni keskin oshgan.

Toshkentda koronavirusga chalinish holatlari asosan oʻquvchilar, talabalar va tashkilot xodimlari orasida koʻpaygani aytildi.