Turkistonda birinchi evropacha shifo maskani 1868 yilda ochilgan. U asosan harbiy xizmatchilarga tibbiy yordam ko'rsatishga mo'ljallangan va Toshkent harbiy lazareti deb atalgan.
1870 yilda lazaret ikkinchi darajali Toshkent harbiy gospitaliga aylantirilgan va 415 o'ringa mo'ljallangan. Dastavval gospital mahalliy aholiga ham tibbiy xizmat ko'rsatgan. Keyinchalik shahar shifoxonasi va ambulatoriyasi ochilishi bilan mazkur gospitalda mahalliy aholiga xizmat ko'rsatish to'xtatilgan.
XX asr boshida bu erda davlat xizmatidagi shaxslar, shuningdek, politsiya talabi bo'yicha bemorlar qabul qilingan. Toshkent shahar dumasi bunday bemorlarni davolashda sarflangan xarajatlarni qoplagan.
Zamonaviy tibbiyotning ayollar va bolalar uchun kirib kelishi
1883 yilda ayol shifokorlar tashabbusi bilan Toshkentda dastlabki ayollar va bolalar shifoxonasi tashkil etildi. Unga 1883 yildan 1893 yilgacha, ya'ni 10 yil ichida 24747 nafar bemor murojaat qilgan. 1907 yilda ushbu ambulatoriyaga 30700 bemor murojaat qilgan. SHifoxonada faqat ayol tibbiy xodimlar xizmat ko'rsatgan. Tibbiy yordam so'rab murojaat qilgan ayollar va bolalarga bepul yordam ko'rsatilgan, shu jumladan, dori-darmon, suv muolajalari, oddiy operatsiya va bog'lov ishlari tekin amalga oshirilgan.
Toshkentda Turkiston mehr-muruvvat jamiyati qoshida 1880 yilda tashkil etilgan tug'ruqxona mavjud bo'lib, unda ko'zi yoriyotgan ayollarga beg'araz yordam ko'rsatilgan. Bu Turkistondagi yagona tug'ruqxona bo'lib, unda jami 7 ta o'rin mavjud edi. Tug'ruqxona haftada 2 marta bemor ayollar va bolalarga ham tibbiy yordam ko'rsatgan. Dastlabki 30 yilda tug'ruqxona xizmatidan 3110 ayol foydalandi, 4151 ayol tibbiy maslahatlar oldi. 1906 yilda tug'ruqxonaga yangi bino berildi va uning faoliyati ancha yaxshilandi.
1885 yildan keyin Turkistonning boshqa shaharlarida, jumladan, Xo'jand, Andijon, Marg'ilon, Namangan, Qo'qon kabi shaharlarda mahalliy xotin-qizlar uchun ambulatoriyalar tashkil qilingan.
1900 yilga kelib, Toshkent shahrining Beshyog'och dahasida mahalliy ayollar va bolalarga tibbiy yordam ko'rsatish maqsadida ikkinchi ambulatoriya ochilgan. 1904 yilda bu shifoxona shaharning SHayxontohur dahasiga ko'chirilgan. Ambulatoriya tashkil etilgan yilda 8000 nafar bemorga yordam ko'rsatilgan bo'lsa, keyinchalik ular soni yiliga o'rtacha 25000 nafar bemorni tashkil etgan. Ularning 10 foizi erkaklar, qolgani esa ayollar va bolalar edi.
Nargiza KAMALOVA tayyorladi.
“Uzpharmagency” telegram kanalidan olindi.