Toshkentdagi korxonalarning birida yong‘in chiqdi

    Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi ishlab chiqarish korxonalarining birida yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

    Ma’lum qilinishicha, 3-noyabr kuni soat 10:40 da tumandagi Jarqo‘rg‘on 3-berk ko‘chasi 163-uyda joylashgan ishlab chiqarish korxonasida yong‘in bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.

    Shunga ko‘ra, 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji hodisa ro‘y bergan hududga soat 10:45 da yetib borgan. Soat 11:24 da yong‘in qurshab olingan va soat 11:54 batamom o‘chirilgan.

    Yong‘in oqibatida fuqarolarni kuyish tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlari to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.

    “Voqea joyiga shahar va tuman FVB rahbar xodimlari chiqqan”, deyiladi xabarda.