Toshkentdagi Puchon universiteti filialida yangi fakultetlar ochiladi

    Ta'lim 20 Iyun 2023 2661

    Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari – Maktabgacha taʼlim agentligi direktori A.Shin Janubiy Koreyaning Puchon universiteti prezidenti janob Xan Chung Sok boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashdi.

    Yigʻilish kun tartibida Toshkent shahridagi Puchon universiteti filiali faoliyatini takomillashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston tomoni mazkur universitet negizida yangi fakultetlarni, jumladan, bolalar ovqatini tashkil etish fakultetini ochish orqali filial faoliyatini kengaytirish zarurligi toʻgʻrisida tashabbus bilan chiqdi.

    Koreya tomoni ushbu takliflarni qoʻllab-quvvatladi va tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi. Oʻz navbatida, mehmonlar Maktabgacha taʼlim agentligi rahbariyatini Koreyaning Puchon universiteti tomonidan qoʻllanilayotgan onlayn taʼlim uchun raqamli platforma bilan tanishtirdi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim agentligi matbuot xizmati.

    Tomonlar uchrashuv kun tartibi yuzasidan fikr almashib, muzokaralarni konstruktiv ruhda yakunladilar.