Toshkentdagi Texnopark hududida sodir boʻlgan yongʻin oqibatida ikki nafar fuqaro vafot etgani aniqlandi

    Voqea-hodisalar 1 May 2025 865

    Yongʻin ishlab chiqarishda texnologik jarayonni buzilishi natijasida yuzaga kelganligi taxmin qilinmoqda.

    Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, shu yilning 1-may kuni soat 07:01 da Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Qoʻshbegi koʻchasidagi Texnopark hududida joylashgan sintifon ishlab chiqarish sexida yongʻin roʻy berganligi toʻgʻrisida FVBga xabar kelib tushgan.

    Kelib tushgan xabarga asosan yongʻin-qutqaruv ekipajlari soat 07:04 da hodisa joyiga yetib borgan. Yongʻin qutqaruvchilar tomonidan soat 07:45 da qurshab olingan va soat 08:09 da batamom oʻchirilgan.

    Yongʻin bartaraf etilgandan soʻng, yongʻin joyini oʻrganish davomida ikki nafar fuqaroning jasadlari aniqlangan. Shuningdek, 5 nafar fuqaro tan jarohati bilan shifoxonaga yuborilgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, yongʻinni bartaraf etishga 11 ta asosiy, 6 ta maxsus turdagi yongʻin oʻchirish texnikalari jalb etilgan boʻlib, yongʻin oqibatida sexning taxminan 700 kv.m maydonda tomi, shifti va mahsulotlari yonib zararlangan.

    Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.