Toshkent shahar hokimligi maʼlumotiga koʻra, hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan. Voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar hamda masʼul tashkilotlar vakillari jalb etilgan. Hudud oʻrab olinib, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan kompleks texnik tekshiruv oʻtkazilmoqda. Mutaxassislar tomonidan soʻnggi kunlardagi kuchli yogʻingarchilik taʼsiri, tuproqning ortiqcha namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamalar ortishi kabi omillar dastlabki taxmin sifatida koʻrib chiqilmoqda. Shu bilan birga, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifati, drenaj tizimi holati va obyektni qabul qilish jarayonlari ham oʻrganilmoqda.
Tekshiruv yakunlariga koʻra tiklash ishlari boʻyicha qaror qabul qilinishi belgilangan. Agar qoidabuzarliklar yoki ishlar lozim darajada bajarilmagani aniqlansa, masʼul shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin.
Maʼlumot oʻrnida, mazkur yoʻl oʻtkazgich — “Buyuk turon” koʻprigi (“Troiskiy most” nomi bilan ham tanilgan) Temur Malik koʻchasini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida 128,6 milliard soʻm mablagʻ evaziga qurilgan boʻlib, 2024-yil avgust oyida foydalanishga topshirilgan.