Bu boʻyicha Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya tomonidan jamoat joylarida — xususan, xiyobonlar, istirohat bogʻlari va bozorlarda xizmat itlaridan foydalanish tartibini belgilaydigan qoʻshma qaror qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, dastlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida jamoat joylarida xizmat itlari ishtirokidagi patrul naryadlari tajriba tariqasida faoliyat boshladi.
Hozirda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Kinologiya boʻlimi xodimlari “Tashkent City Mall” savdo majmuasi, “City Park”, “Dream Park” va “Magic City” kabi koʻngilochar maskanlarda xizmat olib bormoqda.
Xizmat itlari yordamida jinoyatlarning oldini olish, fuqarolar yoki huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarga hujum qilish holatlarini bartaraf etish, jinoyat sodir etgandan soʻng yashirinib yurgan shaxslarni aniqlash va ushlash, shuningdek, qoʻlga olingan shaxslarning qochishga urinishi yoki atrofdagilarga zarar yetkazish ehtimoli mavjud holatlarda samarali choralar koʻrish mumkin boʻladi.
Qarorda qayd etilishicha, xizmat itlarining patrulda boʻlish vaqti havo harorati +30°C dan yuqori yoki +1°C dan past boʻlgan paytlarda 4 soatdan oshmasligi belgilangan. Zarurat tugʻilganda, ular uchun kichik hajmli maxsus volerlar oʻrnatish ham rejalashtirilgan.









