Ilk bor tashkil etilgan sayyor qabul avvalida aviasiya sohasidagi yangi loyihalar, ayniqsa yo'lovchilarga ko'rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish maqsadida yaratilayotgan qulayliklar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Sayyor qabul doirasida yo'lovchilarni qiynayotgan muammolar bo'yicha ishtirokchilar bilan muloqot qilinib, aholining murojaatlari atroflicha o'rganib chiqildi. Murojaatlarning aksariyat qismi joyida echimini topdi, qo'shimcha o'rganish, vaqt talab qiladigan murojaatlar bo'yicha mas'ul rahbar va xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tadbirda Toshkentdan Farg'ona vodiysiga aviaqatnovlar sonini oshirishni keyingi yilga rejalashtirgani qayd etildi.
Ta'kidlash joizki, uchrashuv doirasida Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga to'g'ridan-to'g'ri qatnovlar yo'lga qo'yilishi haqida ham takliflar bo'ldi. Bu aholining respublika ichida harakatlanish darajasini oshirish, yo'lovchilar oqimini ko'paytirish va mamlakatimiz ichki turizmini rivojlantirish imkonini beradi.
Telegram-bot yoki onlayn-maslahatchi yaratish kerakligi haqida taklif kelib tushdi, unda parvoz haqidagi barcha ma'lumotlar, boriladigan mamlakatning yangi qoidalari va boshqa ma'lumotlar taqdim etilishi kerakligi haqida aytib o'tildi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bu kabi xalq bilan uchrashuvlarni har bir viloyatda uyushtirib, yo'lovchilarni qiynayotgan savollarga echim topish, ularni taklif-mulohazalarini o'rganishda davom etishi ta'kidlandi.