Toshkentdan Urganch, Nukus, Samarqand, Qarshiga qo‘shimcha poyezdlar qo‘yiladi

    Transport 12 Dekabr 2023 1487

    Ijtimoiy tarmoqda talabalar uchun poyezd chiptalariga chegirma chiptalar sotib boʻlinganidan soʻng eʼlon qilingani haqida xabarlar tarqaldi.

    “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ Matbuot xizmatining holatga izoh berishicha, ASU ekspress tizimida yoʻlovchi poyezdlarga chiptalar 45 kun oldindan sotuvga chiqadi.

    Yangi yil bayrami oldidan yoʻlovchilar oqimi ortib, talabalar, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar oʻz manzillariga yetib borish va bayramni oila davrasida nishonlash uchun temir yoʻl transportidan foydalanadi.

    Qayd etilishicha, hozirgi kunda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan yoʻlovchilarni bayram oldi kunlarda manzillariga xavfsiz yetkazish va ularga qulaylik yaratish maqsadida quyidagi yoʻnalishlarda qoʻshimcha poyezdlar qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.

    Bular “Toshkent — Urganch”, “Toshkent — Nukus”, “Toshkent — Samarqand”, “Toshkent — Qarshi” yoʻnalishida qoʻshimcha yoʻlovchi poyezdlar qatnovi joriy etiladi. Bu haqida qoʻshimcha maʼlumot beriladi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, elektron tarzda 1 sutka mobaynida talabalar tomonidan 1000 ga yaqin chiptalar rasmiylashtirildi.

    “Chegirmali chiptalarni talabalar hozir ham elektron tarzda xarid qilishlari mumkin. Qoʻshimcha yoʻlovchi poyezdlarga qoʻshimcha vagonlar ham ulanadi. Barcha tadbirlar ”Oʻzbekiston temir yoʻllari“ AJ tomonidan bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Yoʻlovchilardan sarosimaga berilmaslikni soʻrab qolamiz”, - deyiladi xabarda.