Toshkentga turp olib kelayotgan avtomashina yukxonasiga salkam 300 mln soʻmlik pirotexnika vositalari yashirilgani fosh boʻldi

    Xavfsizlik 28 Noyabr 2023 1487

    Salkam 460 ming dona salyut va petardalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.

    Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda salkam 460 ming dona salyut va petardalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.

    Avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvida Fargʻona vodiysidan poytaxt hududiga kirib kelgan “Isuzu” rusumli yuk avtotransport vositasi toʻxtatilib tekshirilganda, avtomashina yukxonasidagi turp solingan qoplar ortiga yashirilgan qutilar bojxona xodimlarining diqqatini tortdi.

    Ushbu qutilar xolislar ishtirokida ochib koʻrilganida, ularning ichida 279 dona salyut va 459 ming dona petarda borligi aniqlandi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur pirotexnika vositalarining umumiy qiymati 327 mln soʻmdan oshmoqda.

    Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.