Olmazor tumanida Oʻzbekiston-Turkiya texnoparki tashkil etiladi

    Biznes 12 Avgust 2020 1166

    Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining taklifi bilan barpo etiladigan texnoparkda Turkiyaning yuqori texnologiyalar sohasida dunyo boʻylab ishlayotgan davlat va xususiy korxonalari faoliyat yuritadi.

    Yer ajratish bilan bir qatorda Oʻzbekiston hukumati ushbu loyihaning infratuzilmasini oʻz zimmasiga oladi, shuningdek, mamlakatning ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanadigan kompaniyalari ham texnoparkka jalb qilinadi. Loyihaning Turkiya tomonidan ishtirokchisi esa Istanbul texnoparki boʻladi.

    Turk dunyosi birdamlik uyushmasi vitse-prezidenti, investitsiyalarning “meʼmorlari”dan biri Mustafo Jankat Aytek tomonlarning har biri 50 foiz ulushga ega boʻlishini taʼkidladi. Aytek mintaqadagi boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilish ustida ham ish olib borilayotganligini maʼlum qildi.

    Texnoparkda tibbiy vaksinalar va dori-darmon, uchuvchisiz qurilmalarni ishlab chiqarish, kommunikatsiya sohasida yangi texnologiyalarni yaratish, qishloq xoʻjalik va oziq-ovqat sohasidagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun keng koʻlamli investitsiyalar kiritilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.