Yoʻl-transport infratuzilmasi va atmosfera ifloslanishiga doir masalalarning dolzarbligi, ushbu mavzularda koʻplab aholi murojaatlari va muhokamalari mavjudligidan kelib chiqqan holda, Toshkent shahar hokimligida hokimlik, “Toshkent Invest” AJ, Global ekologik fond (GEF), Xitoyning “CRRC Group” kompaniyasi, BMT TD va Transport vazirligi vakillarining ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Yigʻilishda jamoat transportini takomillashtirish, yashil yoqilgʻida harakatlanadigan transport vositalari ulushini oshirish, mikromobillikni kengaytirish, yoʻlovchilar va haydovchilar uchun qulaylik yaratish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, tadbir davomida “Toshkent shahrida kam uglerodli transportga investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish” loyihasi taqdim etildi. Loyiha GEF va BMT Taraqqiyot dasturi koʻmagida ishlab chiqilgan boʻlib, poytaxtning eng gavjum koʻchalaridan biri Shota Rustaveli koʻchasi boʻylab yashil transport yoʻlagini yaratishni sinov tariqasida taklif qilmoqda.
Shuningdek, CRRC Group kompaniyasi vakillari ishlab chiqarilayotgan transport vositalari haqida batafsil maʼlumot berdi. Xususan, gʻildirakli tramvaylarning afzalliklari, qulayligi, samaradorligi va sigʻimi haqida soʻz yuritilib, ularni poytaxt transport tizimiga integratsiyalashuvi taklif etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida eng samarali yechimlarga erishish uchun hamkorlikda ishlash va munozaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.