Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.
Qarorga koʻra, quyidagilar tasdiqlandi:
2024–2026-yillarda ustuvor davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar;
2024–2030-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi.
Bunda quyidagilar inobatga olinadi:
— yirik shaharlar oʻrtasida qulay va tezkor avtomobil qatnovi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish maqsadida kamida 1 000 km zamonaviy pullik magistral avtomobil yoʻllarini qurish va modernizatsiya qilish, shu jumladan Toshkent–Samarqand yoʻlini qurish ishlarini 2024-yilda hamda Toshkent–Andijon yoʻlini 2026-yilda boshlash;
— yillik energiya yoʻqotishlarini kamida ikki baravar pasaytirishni belgilagan holda barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlarini 2027-yil 1-iyulga qadar, tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini esa 2027-yil yakuniga qadar xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalarni imzolash;
— yiliga qoʻshimcha 30 foizgacha elektr energiyasini tejash maqsadida 2028-yilga qadar barcha maʼnan eskirgan irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish boʻyicha kelishuvlarga erishish;
— toza va doimiy ichimlik suvi bilan taʼminlash qamrovini 87 foizga, markazlashgan oqova suv taʼminoti qamrov darajasini 30 foizgacha oshirishni nazarda tutgan holda 2028-yil yakuniga qadar har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalarni jalb qilish;
— 400 mingdan ortiq oʻquvchilar sigʻimiga ega zamonaviy taʼlim muassasalari hamda 300 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar sigʻimiga ega maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil qilish maqsadida 2026-yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida har yili kamida 100 ta maktab va 100 ta maktabgacha taʼlim muassasalarini qurish va boshqarishni tashkil etish;
— ilgʻor texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 100 mingdan ortiq bemorlarga xizmat koʻrsatuvchi koʻp tarmoqli shifoxonalarni qurish va ularni xususiy operatorlar boshqaruviga berish.