Dasturni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri kambagʻal xonadonlarga subsidiya ajratish asosida yengil konstruksiyali issiqxonalar barpo etish va hunarmandchilik yoʻnalishida yangi ish oʻrinlarini yaratish hisoblanadi.

Dasturga koʻra, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida jami 1 887 ta loyihaning amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Jumladan, tumanda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini rivojlantirish boʻyicha 108 ta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va bu orqali 2 424 ta yangi ish oʻrinlarining yaratilishi belgilangan.

Bundan tashqari, Dastur doirasida belgilangan yillarda: 
tumandagi 802 ta xonadonga yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun subsidiyalar ajratiladi; 
hunarmandchilik yoʻnalishida 832 ta loyihani amalga oshirish orqali 1 971 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Qarorga koʻra, tumanda 2020-yilda qoʻlda gilam toʻqiladigan gilamlichik korxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Har bir mahallada dehqonchilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan aholi roʻyxati shakllantiriladi.

Shuningdek, Toshloq tumanidagi Zarkent agrosanoat kolleji binosida tumandagi kooperatsiyaga biriktiriladigan kambagʻal oila aʼzolarining limonchilik sohasidagi bilim va tajribasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi.