Prezidentimizning topshirigʻiga asosan, Afgʻonistonda kuzatilgan kuchli sel-suv toshqinlarida zarar koʻrgan aholiga koʻmak koʻrsatish, ularni zarur vositalar hamda oziq-ovqat bilan taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan insonparvarlik yuklari karvoni “Ayritom” chegara oʻtkazish punkti orqali qoʻshni mamlakatning Balx viloyatiga yetkazildi.
Insonparvarlik yordami tarkibidan 48 tonna un, 22 tonna guruch, 100 ming dona konserva va 44 tonna makaron mahsulotlari, 25 ming litr oʻsimlik yogʻi, 100 ming dona tez tayyorlanadigan lagʻmon, shuningdek, 10 kishilik 100 ta maxsus qurilmali chodir va 1 000 litrli 96 ta suv saqlash idishlari oʻrin olgan.
Shu munosabat bilan Hayraton shahridagi Astras kompaniyasi hududida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Surxondaryo viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Sherzod Rajabov hamda Afgʻonistonning Balx viloyati rasmiylari ishtirokida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Afgʻoniston tomoni vakillari Prezidentimiz va xalqimizga ogʻir paytda koʻrsatilayotgan yordam uchun oʻz minnatdorliklarini bildirishdi.