Toshkent shahri Yashnobod tumani IIO FMB kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘linmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 6 mlrd 700 mln so‘mdan ortiq kriptoaktivlar aylanmasini amalga oshirgan shaxs ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, 2004 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan va hozirda Toshkent shahrida yashovchi fuqaro Beknazarovning iPhone 17 Pro telefoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv jarayonida u turli ilovalar va akkauntlar orqali yirik miqdorda kriptoaktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Jumladan, gumonlanuvchi P2P platformalari orqali noqonuniy kirim-chiqim operatsiyalari vositasida jami 556 ming USDTdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan. Ushbu summa 6,7 mlrd so‘mdan ziyodni tashkil etadi.
Shuningdek, uyali telefon tekshiruvi davomida Bitget kriptobirjasi orqali noqonuniy faoliyat yuritilgani ma’lum bo‘lgan. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ish Yashnobod tumani tergov bo‘limiga topshirildi.
Gumonlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida HTX va Bitget platformalarida P2P amaliyotlarini bajarganini, bu faoliyatning noqonuniy ekanini avval bilmaganini bildirgan. U ayni vaqtda qilgan ishidan pushaymon ekanini ma’lum qilgan.