Toshkent shahar IIBB ma'lumotiga ko'ra, hodisa Gulxaniy ko'chasida ertalab soat 07:30 atrofida sodir bo'lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, skuterda yetkazib berish xizmati bilan shug'ullanuvchi shaxs ko'chada ketayotgan 1948 yilda tug'ilgan ayolning qulog'idagi sirg'alarni ko'rib, ularni talon-toroj qilishga qaror qilgan.
Gumonlanuvchi skuterini chetroqqa qoldirib, jabrlanuvchining orqasidan yaqinlashgan va uning qulog'idagi ikki dona sirgani yulib olib, voqea joyidan qochib ketgan. Jabrlanuvchining taqinchoqlari taxminan 3 ming AQSH dollariga baholangan.
Tergov davomida aniqlanishicha, gumonlanuvchi o'g'irlangan sirg'alarni bozor-da 2,5 million so'mga sotib yuborgan va tushgan mablag'ni shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma'lum qilishicha, ushbu shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o'g'rilik), 166-moddasi (talonchilik) va 227-moddasi bilan sudlangan bo'lib, sud tomonidan o'ta xavfli retsidivist deb topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 4-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo'llanilgan bo'lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.