Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi maʼlum qildi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchining ikki oilasi bo‘lgan. Ikkinchi ayoli birinchi oilasi haqida bilib qolgach, ular o‘rtasida muntazam kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. 37 yoshli ayol erkakni farzandlari va o‘zini ko‘p qavatli uydan tashlab yuborish bilan qo‘rqitib kelgani aytilmoqda.

Erkak ushbu vaziyatdan chiqish maqsadida bir shaxs bilan 10 ming dollar evaziga ayolini o‘ldirish bo‘yicha kelishgan. U yollangan shaxsga ayolining yashash manzili, kundalik harakatlanish yo‘nalishi hamda avtomashinasi haqida maʼlumotlar bergan. Shuningdek, 2 ming dollar avans to‘lab, qolgan pulni ish bajarilgandan keyin berishga vaʼda qilgan.

26-aprel kuni jinoyat qidiruv xodimlari tomonidan ayol hayotini saqlab qolish maqsadida maxsus tezkor tadbir o‘tkazilgan. Yollanma qotil sifatida jalb qilingan shaxs huquqni muhoFaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilgan.

Tadbir doirasida ayolning o‘limi sahnalashtirilib, bu haqda buyurtmachiga xabar berilgan. Keyingi uchrashuvda erkak vaʼda qilingan pulning bir qismi sifatida 6,5 mln so‘m va Tracker avtomashinasini topshirish vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.