Toshkent shahar hokimligi ushbu taklifni jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Bunda ish kunining umumiy davomiyligi o‘zgarmaydi — xodimlar ishni bir soat ertaroq boshlab, bir soat ertaroq yakunlaydi.
Hokimlikka ko‘ra, bugun ko‘plab ijtimoiy muassasalar, ayrim davlat tashkilotlari, korxona va tashkilotlarda ish kuni soat 8:00 da boshlanadi. Shu vaqtdan shaharda faol hayot boshlanishi va aholi davlat hamda shahar xizmatlariga murojaat qilishi inobatga olinib, hokimlik va unga qarashli xizmatlarning ham fuqarolarga ertalabdan xizmat ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Ish jadvallarini uyg‘unlashtirish bir nechta idora ishtirokini talab qiladigan masalalarni tezroq muvofiqlashtirish imkonini ham berishi kutilmoqda.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan transport oqimlarining tahlili va modellashtirilishi ish boshlanish vaqtlarini taqsimlash ertalabki tirbandlik paytida yo‘l tarmog‘iga tushadigan yuklamani kamaytirishga yordam berishini ko‘rsatgan.
Yangi ish jadvallari joriy etilgan taqdirda, tushlik vaqti ham shunga mos ravishda tashkil etilib, kun davomida transport oqimlari va umumiy ovqatlanish ob’ektlariga tushadigan yuklamani bir maromda taqsimlash imkoni paydo bo‘ladi.
Yakuniy qaror qabul qilinishidan oldin poytaxt aholisining fikri o‘rganiladi. Buning uchun maxsus so‘rovnoma o‘tkazilmoqda.
So‘rovnoma natijalari 31 avgust kuni sarhisob qilinadi. Taklif aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taqdirda, belgilangan tartibda kasaba uyushmalari bilan kelishish uchun kiritiladi.