Hujjat 20.08.2021-yildagi “Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-709-son Qonunga muvofiq qabul qilingan.

Birinchidan, talabnoma beruvchining xohishiga koʻra talabnomaning ekspertizasi vakolatli organ tomonidan tezkor tartibda, yaʼni talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oy mobaynida oʻtkazilishi bilan toʻldirildi. Bunda talabnomaning ekspertizasini tezkor tartibda oʻtkazish talabnoma beruvchining bu haqdagi iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi. Iltimosnoma vakolatli organga talabnoma bilan bir paytda yoki u topshirilgan sanadan eʼtiboran 3 oy davomida taqdim qilinishi kerak.

Maʼlumot uchun! Ifodalangan belgini ekspertizadan oʻtkazish Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan amalga oshiriladi (“Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 15-moddasi).

Ikkinchidan, belgilanishicha, ifodalangan belgining muhofazaga layoqatlilik axborotini izlash rasmiy ekspertiza yakunlangan kundan boshlab 10 kun ichida amalga oshiriladi. Uning natijalari boʻyicha hisobot tuziladi, unda quyidagilar aks ettiriladi:

  • izlash oʻtkazilgan talabnoma raqami;
  • talabnoma topshirilgan sana;
  • talabnomada koʻrsatilgan belgining tovar va xizmatlarning xalqaro klassifikatsiyasi (TXXK) boʻyicha sinflari;
  • axborotni izlash oʻtkazilgan belgining tasviri;
  • maʼlumotlar bazalari, lugʻatlar, maxsus adabiyotlar roʻyxati;
  • bibliografik maʼlumotlar koʻrinishidagi axborotni izlashga aloqador hujjatlar, muayyan sinflarga havolalar;
  • axborotni izlash yakunlangan sana.

Belgilanishicha, ommaga maʼlum boʻlgan har qanday maʼlumotlar axborot izlashning hajmiga kiritilishi mumkin.

Boshqa oʻzgartish va qoʻshimchalar ham kiritildi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 08.10.2021-yildan kuchga kirdi.